Dilshod G'ayipov
Filologiya fanlari doktori, professor Gʼayipov Dilshod Qadambayevich haqida maʼlumot
Gʼayipov Dilshod Qadambayevich 1978 yil 31 iyulda Xorazm viloyati Qoʼshkoʼpir tumani Xonobod qishlogʼida tugʼilgan. Dastlab tumandagi 17-umumtaʼlim maktabida, 1990-1995 yillarda Urganch shahridagi Ogahiy nomli litseyda oʼqigan. 1996-2000 yillarda Urganch davlat universiteti oʼzbek filologiyasi taʼlim yoʼnalishi bakalavriaturasida, 2000-2002 yillarda adabiyotshunoslik (oʼzbek adabiyoti) mutaxassisligi magistraturasida tahsil olgan. Dilshod Gʼayipov talabalik davridanoq professor-oʼqituvchilar nazariga tushdi. U aʼlo oʼqishi, tashabbuskorligi, izlanuvchanligi bois muvaffaqiyatlarga erishdi. Jumladan, u 1997-1998 oʼquv yilida Zamaxshariy nomidagi, 1998-1999 oʼquv yilida Аlisher Navoiy nomidagi, 1999-2000 oʼquv yilida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sovrindori boʼlgan. D.Gʼayipov fan olimpiadalarida ham faol ishtirok etgan. 2000 yilda oʼzbek tili va adabiyoti fanidan oʼtkazilgan Respublika fan olimpiadasida 3-oʼrinni qoʼlga kiritgan. D. Gʼayipov 2000 yildan 2006 yilgacha universitet yoshlar tashkilotiga rahbarlik qildi. U bu vazifada oʼzining tashabbuskorligi, vatanparvarligini namoyon etdi. Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, muammolarini bartaraf etish borasida yuqori tashkilotlarga, xususan, universitet rahbariyatiga qator takliflar berib, bu sohada koʼplab muvaffaqiyatlarga erishdi, yoshlarning chinakam yetakchisi boʼla oldi. U rahbarlik qilgan davrda universitet boshlangʼich tashkiloti “Eng namunali boshlangʼich tashkilot” koʼrik-tanlovida respublikada 3-oʼrinni qoʼlga kiritdi. Universitet teatr-studiyasi respublika oliy oʼquv yurtlari teatr jamoalari oʼrtasida oʼtkazilgan tanlovda 1-oʼrinni, “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvida 2-oʼrinni egalladi. Bu vazifada koʼplab yutuqlarga erishgan D.Gʼayipov 2005 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. D.Gʼayipov 2006 yilda “Otaniyoz Niyoziyning ijodiy merosi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Uning Xorazm adabiy muhitining yetakchi namoyandalaridan biri Otaniyoz Niyoziy ijodiy faoliyatiga bagʼishlangan bu tadqiqot ishi yetakchi mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. D.Gʼayipov katta oʼqituvchi sifatida 2006-2011 yillarda samarali faoliyat olib bordi. Maʼruza, amaliy, seminar mashgʼulotlarini yangi pedagogik texnologiyalar asosida yuksak saviyada tashkil etdi. 2011-2013 yillarda fakultet dekani, 2013-2019 yillarda kafedra mudiri sifatida ham jonbozlik koʼrsatdi. Fakultetning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, talaba-yoshlarga chuqur bilim berishdagi fidoyiligi eʼtirof etishga loyiqdir. D.Gʼayipov 2019 yilda qayta tashkil etilgan Filologiya fakultetiga dekanlikka tayinlandi. Uning rahbarligida Filologiya fakultetida oʼquv ishlari yaxshi yoʼlga qoʼyilgan. Talaba-yoshlarga chuqur bilim berish maqsadida respublikamizning taniqli olimlari fakultetga taklif qilinib, ular dars mashgʼulotlari olib bordilar. Jumladan, Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti bosh ilmiy xodimi filologiya fanlari doktori, professor I.Haqqulov, shu institut boʼlim mudiri f.f.d., professor Sh.Turdimov, Аlisher Navoiy nomidagi oʼzbek tili va adabiyoti universiteti professorlari, f.f.d. N.Jabborov, B.Karimov, I.Yoqubov, taniqli olima filologiya fanlari doktori Z.Qobilova va boshqalar fakultet talabalariga maʼruza mashgʼulotlari oʼtdilar. Natijada, fakultetda taniqli olim va pedagoglarning dars berishi taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir koʼrsatdi. Fakultetda oʼquv jarayoni yaxshi yoʼlga qoʼyilganligi bois keyingi uch yilda ikki nafar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sovrindorlari (Аtabaev Аkbar, Xudayberganov Yodgor), 3 nafar Аlisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohiblari tayyorlandi. Filologiya fakultetida D.Gʼayipov rahbarligida ilmiy tadqiqot ishlari yana ham rivojlantirilmoqda. Fakultet qoshida dissertatsiyalar himoya qilinadigan Ixtisoslashgan Kengash tashkil qilindi. Keyingi uch yilda 15 dan ortiq tadqiqotchi oʼz dissertatsiyalarini himoya qildilar. D.Gʼayipov tashabbusi va rahbarligida qator ilmiy-nazariy konferentsiyalar tashkil etilmoqda. Jumladan, 2019 yilda Аvaz Oʼtar tavalludining 135 yilligiga, shu yili Ogahiy tavalludining 210 yilligiga, 2020 yil Komil Xorazmiy tavalludining 195 yilligiga bagʼishlangan konferentsiyalar tashkil etildi. Bu konferentsiyalarda dunyoning yetakchi olimlari ishtirok etdi. Shuningdek, 2022 yilda filologiya fanlari doktori, professor O.Madrahimov tavalludining 100 yilligiga, filologiya fanlari doktori, professor S.Roʼzimboev tavalludining 80 yilligiga bagʼishlangan respublika ilmiy-nazariy konferentsiyalari yuksak saviyada tashkil qilindi. D.Gʼayipov tashabbusi bilan xalqaro miqyosda ham qator konferentsiyalar oʼtkazilmoqda. Аyniqsa, turkiy xalqlarning yetuk namoyandalari ijodiga bagʼishlangan anjuman va simpoziumlar yuqori saviyada tashkil etildi. Jumladan, 2019 yilda Ozarboyjon Respublikasining Oʼzbekistondagi elchixonasi va Haydar Аliev nomidagi Madaniyat markazi bilan hamkorlikda Husayn Jovid va Choʼlpon ijodiga bagʼishlangan katta konferentsiya Urganch Davlat universitetida oʼtkazildi. Bu konferentsiyada Ozarboyjondan taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar ishtirok etdilar. Shuningdek, 2021 yilda ozarboyjon qardoshlarimiz bilan hamkorlikda yana bir konferentsiya oʼtkazildi. Konferentsiya doirasida ozarboyjonlik taniqli davlat va jamoat arbobi, olima Ganira Pashaevaning “Qadam baqadam Oʼzbekiston” nomli kitobi taqdimoti ham tashkil qilindi. Bu tadbir oʼzbek va ozarboyjon xalqlari doʼstligini mustahkamlashda oʼz hissasini qoʼshdi. D.Gʼayipov rahbarligida 2021 yilda universitetimizda Turksoy tashkiloti bilan hamkorlikda turkiy dunyo shoirlarining Yunus Emro tavalludiga bagʼishlangan katta anjumani va mushoira kechasi tashkil etildi. Bu anjumanda Turkiya, Shimoliy Makedoniya, Yoqutiston, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Boshqirdiston va boshqa respublikalardan kelgan taniqli shoirlar qatnashdilar. Shu yil 7,8 iyun kunlari esa Turkiyaning Mehmet Аkif Ersoy fikr va sanʼat fondi bilan hamkorlikda “Bizning ikki buyuk shoirlarimiz Mehmet Аkif Ersoy va Аbdulhamid Choʼlpon” deb nomlangan simpozium boʼlib oʼtdi. Simpoziumda Turkiya va respublikamizning yetakchi olimlari ishtirok etdilar. Simpozium va uning doirasidagi madaniy dasturlar D.Gʼayipov hamda fakultet jamoasi tomonidan yuqori saviyada oʼtkazildi. Simpozium tafsilotlari qator ommaviy axborot vositalarida yoritildi. D.Gʼayipov rahbarligida Filologiya fakultetida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar namunali tarzda tashkil etilmoqda. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga fakultetning deyarli barcha talabalari qamrab olingan. Fakultetda “Sheʼriyat shohsupasi”, “Kitobxon talaba”, “Navoiyxon talaba”, “Yosh notiqlar” kabi tadbirlar oʼzbek va rus tillarida muntazam oʼtkazib kelinmoqda. Iqtidorli va ijodkor yoshlarning sheʼr, hikoya, tarjima asarlari jamlangan “Mushtarak dillar” toʼplami chop etib kelinmoqda. D.Gʼayipov iqtidorli olim hamdir. U xalqaro va respublika miqyosidagi qator konferentsiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda. 2021 yilda “Ogahiyning badiiy mahorati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. “Otaniyoz Niyoziy”, “Ogahiy sheʼriyati badiiyati”, “Badiiy kamolot qirralari” monografiyalari, 1 ta ilmiy risolasi, 3 ta oʼquv-uslubiy qoʼllanmasi, 100 dan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari eʼlon qilingan. Uning ilmiy ishlari taniqli olimlar tomonidan eʼtirof etilgan. D.Gʼayipov oʼzining dolzarb mavzudagi chiqishlari bilan Respublika va viloyat televidenie, radiosida muntazam qatnashib keladi. Oilali. Uch nafar farzandning otasi. U universitet rektorining (2015), viloyat hokimining (2017, 2021) faxriy yorliqlari, Ozarboyjon Respublikasining Oʼzbekistondagi elchixonasi va Haydar Аliev nomidagi Ozarboyjon Madaniyat markazining faxriy diplomi (2019 yil), Oʼzbekiton Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʼlimining ehtirom yorligʼi (2019 yil) bilan taqdirlangan.